Sir emaski, yurtimizda ijodkor va iste’dodli yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar kun sayin ortib bormoqda. Ushbu imkoniyatlardan unumli foydalangan holda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining “Dastgoh va kitob grafikasi” ta’lim yo‘nalishi 3-bosqich talabasi Hasan Azimjonov o‘zining navbatdagi “Parcha” nomli shaxsiy ko‘rgazmasini 2024 yil 29 mayda Sharq miniatyura san’ati muzeyida namoyish etdi.
Ko‘rgazmani institutning Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i, s.f.f.d. (PhD) Kamola Nishanova ochib berar ekan tasviriy san’atning grafika turida ijodiy faoliyatini olib borayotgan talabaga institut rektori Abbosjon Mirzoraximovning tabrigi va diplomini topshirdi.
Shuningdek, institutning “Grafika”kafedrasi mudiri Jamshid Rashidov ijodkor talabani navbatdagi shaxsiy ko‘rgazmasi bilan tabriklagan holda kelgusidagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Ko‘rgazmada talaba tomonidan turli yillarda yaratilgan 30 dan ortiq grafik ishlari jamlangan bo‘lib, bu asarlarda Vatanga va muqaddas oilaga bo‘lgan muhabbat kabi umuminsoniy tuyg‘ular, atrof olamda yuz berayotgan voqea hodisalarga ijodkor nuqtayi nazaridan bo‘lgan munosabatlar aks ettirilgan.
Mazkur ko‘rgazmani tashkil etishdagi ko‘magi va hamkorligi uchun Sharq miniatyura san’ati muzeyi direktori, Filologiya fanlari nomzodi Gulabza Qarshiyeva hamda “San’at tarixi va nazariyasi” kafedrasi katta o‘qituvchisi, ko‘rgazma kuratori Obidjon Abdullayev institut rektorining tashakkurnomasi va diplomi bilan taqdirlanishdi.